
2026-yilda akkreditatsiyadan o‘tishi rejalashtirilgan ta’lim tashkilotlarini jarayonga puxta tayyorlash maqsadida umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari uchun Urganch shahridagi 5-sonli maktabda 15- va 19-yanvar kunlari amaliy seminar o‘tkazildi.
✅Seminar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 14-fevraldagi 91-son qarori hamda vazirlikning 2024-yil 7-maydagi 146-son buyrug‘i talablariga muvofiq tashkil etildi. Unda ta’lim tashkilotlari faoliyatini ichki baholash tashqi baholashdan kamida ikki oy oldin o‘tkazilishi, ichki baholash jarayonlari esa 24 ish kunigacha davom etishi mumkinligi ta’kidlandi.
✨Amaliy seminarni boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari T. Nurmetov ochib berib, kirish so‘zida ichki baholash ta’lim tashkilotlarining o‘zini o‘zi baholashi bo‘lib, muassasani tashqi baholashga tayyorlashga xizmat qilishini qayd etdi. Shuningdek, ichki baholash har yili ta’lim tashkiloti direktorining buyrug‘i bilan o‘tkazilishi, pedagogik kengash qarori asosida kamida 9 nafar a’zodan iborat ichki baholash komissiyasi shakllantirilishi tushuntirildi. Baholash 6 ta soha, 13 ta mezon va 48 ta ko‘rsatkich asosida amalga oshirilib, 1000 ballik tizimda baholanadi.